Qonunchilik palatasi deputatlari Qonlikoʻl tumanidagi korxonalar faoliyatini oʻrgandi 🏛️
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasida ishlari davom etmoqda. Navbatdagi oʻrganishlar Qonlikoʻl tumanida oʻtkazilib, unda ishlab chiqarish korxonalari va ijtimoiy xizmatlar koʻrib chiqildi. Deputatlar dastlab yiliga 10 ming tonna paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Kanteks Invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻldi. Korxona vakillari birjaga chiqarilayotgan paxta tolasi sifati laboratoriya tekshiruvlarida sertifikat talablariga toʻliq javob bermayotganini bildirdi. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilayotgan ortiqcha elektr energiyasini sotish masalasi muhokama qilindi. Shundan soʻng deputatlar qizilmiya ekstrakti ishlab chiqaruvchi “LAN-C” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Bundan tashqari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati misolida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga koʻrsatilayotgan xizmatlar holati koʻrib chiqildi. Markaz tizimida aholiga ijtimoiy xizmat koʻrsatishni raqamlashtirish uchun 25 dan ortiq platforma ishga tushirilib, 132 turdagi ijtimoiy xizmat yoʻlga qoʻyilgan.
Read the original report: uza.uz →
- Region
- Tashkent Region, Uzbekistan
- Published
- 20 Sep 2026
- Languages
- Oʻzbek